Zilzila kuchi: 1 dan 12 ballgacha

Yer silkinish kuchiga qarab shartli ravishda quyidagi holatlar kuzatiladi: 1 ball — sezilarsiz, faqatgina seysmik asboblar qayd etadi. 2 ball — juda kuchsiz. 3 ball — kuchsiz, ochiq joyda tinch oʻtirgan inson sezishi mumkin. 4 ball — oʻrtacha sezilarli, 5 ball — ancha kuchli, 6 ball – kuchli, 7 ball – juda kuchli, 8 ball – yemiruvchi. 9 ball — vayron qiluvchi. 10 ball— yakson qiluvchi. 11 ball — fojiali. 12 ball — oʻta fojiali, Yer yuzida bironta bino qolmaydi.

7 ball - juda kuchli. Ushbu holat avtomobil haydovchilariga harakat vaqtida ham seziladi. Bino devorlarida yoriqlar paydo boʻlishi, ba’zilari qulashi ham mumkin.

8 ball - yemiruvchi. Xom g'ishtdan qurilgan imoratlar butunlay vayronaga aylanadi, ancha pishiq qilib qurilgan imoratlarda ham yoriqlar paydo boʻladi, uy tepasidagi moʻrilar yiqiladi, baʼzi daraxtlar butun tanasi bilan yiqiladi, sinadi, togʻliq joylarda qulash, surilish hodisalari yuz beradi.

9 ball - vayron qiluvchi. Yer qimirlashiga bardosh beradigan qilib qurilgan imorat va inshootlar ham qattiq shikastlanadi. Oddiy imoratlar butunlay vayron boʻladi, yer yuzasida yoriqlar paydo boʻladi, yer osti suvlari sizib chiqishi mumkin.

10 ball - yakson qiluvchi. Hamma imoratlar yakson boʻladi. Temiryoʻl izlari toʻlqinsimon shaklga kelib bir tomonga qarab egilib qoladi, yer osti kommunal quvurlari uzilib ketadi, choʻkish hodisalari yuz beradi. Suv havzalari toʻlqinlanib qirgʻoqqa uriladi, qoyali yon bagʻrlarda katta-katta surilish hodisalari sodir boʻladi.

11 ball - fojiali. Hamma imoratlar deyarli vayron boʻladi, toʻgonlar yorilib ketadi, temir yoʻllar butunlay ishdan chiqadi, yerning ustki qismida katta yoriqlar paydo boʻladi, yer ostidan balchiqlar koʻtarilib chiqadi, surilish, qulash hodisalari nihoyasiga yetadi.

12 ball - oʻta fojiali. Yerning ustki qismida katta oʻzgarishlar yuz beradi. Hamma imoratlar butunlay vayron boʻladi, daryolarning oʻzani oʻzgarib sharsharalar paydo boʻladi, tabiiy toʻgʻonlar vujudga keladi.