Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida qanday masalalar ko‘rildi?

Bugun, 27 sentabr kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisi o‘tkazildi.

Unda senatorlar, Qo‘mita ekspert guruhi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiya raislari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan masalalar, xususan, “Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, uni ishlab chiqishda chuqur tahlillar olib borilmaganligi, huquqni qo‘llash amaliyoti, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa milliy qonunchilik hujjatlari hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari o‘rganib chiqilmaganligi aniqlandi.

Qolaversa, Qonunga kiritilayotgan yangi “g‘ayriixtiyoriy davolash” to‘g‘risidagi normaning mazmun-mohiyati ochib berilmagan hamda majburiy davolash tushunchasi o‘rtasidagi farqli jihatlari yoritilmay qolgan.

Shuningdek, majlisda Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2021 yil birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha hisoboti ko‘rib chiqildi.

Muhokama jarayonida Davlat budjetining ijrosi yuzasidan maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim, sog‘liqni saqlash va innovatsion rivojlanish vazirliklari mutasaddilarining axboroti eshitildi.