Ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga qodir qonun kerak – Tanzila Narbaeva

O‘zbekistonda 2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 61 mingdan ko‘pi yoki qariyb 85 foizi oilada sodir etilgan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Narbaeva maʼlum qildi.
“Afsuski, shu kungacha O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha javobgarlikka tortuvchi alohida norma boʻlmagan”, deya taʼkidladi Narbaeva.
Unga koʻra, 2020 yilda 156 ta, 2021 yil 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir qilingan. Xususan:
• Toshkent shahri Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi;
• Xorazmdagi bolalar uyi bilan bog‘liq holat;
• poytaxtning Sergeli tumanida ona 3 nafar farzandi bilan birga yuqori qavatdan sakragan.
Senat raisining taʼkidlashicha, jamiyatda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga qarshi turadigan yanada mustahkam va qat’iy qonunlarga ehtiyoj bor.






