BMB CUP: 500 million so'm mukofot fondiga ega ilk havaskorlar futbol turniri

Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida BMB CUP turniriga qur’a tashlash marosimi bo'lib o'tdi.

BMB Trade Group kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulovning Bright Uzbekistanga xabar berishicha, kompaniya tomonidan turnir g'oliblari uchun 500 million so'm mukofot fondi ajratilgan.

«BMB Trade Group kompaniyasi tomonidan havaskorlar o‘rtasida futzalni ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida «BMB CUP» turnirini o‘tkazish to'g'risida oktyabr oyida qaror qabul qildik .

Turli vazirlik, davlat va tijorat tashkilotlari, oliy va o‘rta-maxsus o‘quv yurt, mahalla fuqarolar yig‘inlari, uyushmagan yoshlar tashkilotlaridan jami 50 dan ortiq jamoalar turnirda ishtirok etish istagini bildirdilar. Ishtirokchilarni tanlab olishda halollik va holislikni ta’minlash maqsadida kompaniya rahbariyati tomonidan saralash turnirini tashkil etdik va unda muvaffaqiyatli ishtirok etgan 16 jamoa asosiy turnir yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Havaskor futzal turnirlarida ilk bora 500 million so'm mukofot fondini e’lon qilishga qaror qildik.
1-o'rin g'olibi - 150 million so'm;
2-o'rin g'olibi - 100 million so'm;
3- o'rin g'olibi - 50 million so'm mukofot puli bilan taqdirlanishadi.
Shuningdek turnir bo'yicha 4 ta alohida nominatsiyalar g'oliblariga ham mukofot pullari topshiriladi.» - deb ma'lum qildi Bekzod Mamatqulov.

Qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi Birinchi vitse-prezident Ravshan Irmatov, BMB Trade Group kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatkulov, Madaniy meros agentligining direktor o‘rinbosari Tursunali Qo'ziyev, BMB Trade Group Kuzatuv kengashi a'zosi va Bright Uzbekistan asoschisi Davron Abdullayev hamda BMB CUP turnirida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan jamoalar sardorlari ishtirok etishdi.

Ta'kidlanishicha, kompaniya yosh futzalchilarni yetishtirish maqsadida, turnir reglamentiga uchrashuv davomida jamoa tarkibida maydonda kamida bir nafar 19 yoshgacha bo'lgan o‘yinchi bo'lishi talabini kiritgan.

Qayd etish joizki, BMB Trade Group O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish borasida qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, kompaniya 2021 yilgi mavsumda O‘zbekiston Oliy ligasi «Sug‘diyona» futbol klubi, 2022 yilgi mavsumda «Lokomotiv» futbol klublariga titul xomiylik qilgan. 2022 yilning iyul oyida kompaniya tomonidan O‘zbekiston futbolining 110 yilligiga bag‘ishlab Jahon futbol yulduzlari O‘zbekistonga taklif etildi.

Shu bilan birga, kompaniya ta’sischiligida BMB Football Club tashkil etilgan. Klub 2022 yil O‘zbekiston futzal chempionati 1-liga musobaqalari chempioni bo‘ldi va Oliy liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 2022 yilning aprel oyida BMB Football Club O‘zbekiston futzal klublari orasida birinchilardan bo‘lib braziliyalik futzalchi bilan shartnoma imzoladi. Keyinchalik avgust oyida klubga murabbiy va yana ikki braziliyalik futzalchi taklif etilgan.