Bright Uzbekistan jurnali dunyo yuzini ko'rishga tayyor

Loyihamiz asosi va kulminatsiyasi bu albatta Bright Uzbekistan jurnali. 2 yil davomida kutilgan jurnal bugun qo'limizda va mushtariylarimizga taqdim etilishga tayyor.

2021-yil 16-avgust kuni ilk bor O'zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bilan uchrashuv tashkil etib, loyihamiz mazmun mohiyati, istiqboli hamda yurtimiz ravnaqi uchun hissasi haqida taqdimot qilgan edik. Bugun esa Sherzod Ikramovich jurnalimiz bilan tanishib chiqmoqdalar.

Ushbu loyihaning mukammal bo'lib tayyorlanishiga albatta Prezident Administratsiyasining, xususan, Sherzod Asadovning hissalari juda katta. Ular bizga va jamoamizga to'g'ri yo'nalish hamda motivatsiya berganlar.

Qisqa tarixga nazar solsak, 2020-yil Bright Uzbekistan loyihasining g'oyasi tug'ildi va Top Business Group jamoasi loyiha ustida ish boshladi.

Tan olish kerak, o'sha payt loyihaning bu darajada keng qamrovga ega bo'lishi hech kimning hayolidan o'tmagan. Olib borilgan o'rganishlar va tuzilgan biznes rejalar asosida 2020-yilning avgust oyida loyihaga start berildi.

Bright Uzbekistan jurnali ustida ishlar ekanmiz, juda ko'p baland - pastliklar, yutuqlar va mag'lubiyatlar hamda sinovlardan o'tdik. Qolaversa, loyihamiz doirasida mutasaddi tashkilotlar va xususiy sektor vakillari bilan qator hamkorliklarni yo'lga qo'ydik.

Xususan, Bright Uzbekistan loyihasining strategik hamkori sifatida Bosh vazir o'rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va ular boshchilik qilayotgan vazirlik o'zining katta xissasini qo'shdi.

Shu o'rinda Tashqi ishlar vazirligi, Oliy majlisi senati, Turizm va madaniy meros vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Savdo sanoat palatasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan loyiha doirasida muntazam hamkorlik olib borildi.

O'ylaymizki, ushbu uzoq kutilgan jurnal barchamiz uchun kutilayotgan natijani taqdim etadi. Ushbu jurnal nafaqat bizning, balki yurtimiz imidjining rivoji uchun ham munosib hissa qoshishiga umid bog'laganmiz.

Bizni doim qo'llab quvvatlagan barcha hamkorlarimiz, homiylarimiz va do'stlarimizga, loyihamizga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib qolamiz.

Hurmat bilan, Bright Uzbekistan ijodiy jamoasi!