Davlat rahbari yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanida joylashgan “Yangi O‘zbekiston yoshlar ziyo maskani” kutubxonasini borib ko‘rdi.
Bu majmua 2021-yil foydalanishga topshirilgan edi. Bugungi kunda 70 mingta kitob fondiga ega. Kutubxona jahondagi yirik elektron kutubxonalar tarmog‘iga ulangan. Bu orqali xorijiy adabiyotlardan ham erkin va bepul foydalanishi mumkin. Tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. Barcha jarayonlar elektron tarzda bajariladi.
Birinchi qavatda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda ko‘zi ojiz insonlarga mo‘ljallangan alohida o‘qish zali tashkil etilgan. Kichkintoylarning ijodiy tasavvurlarini boyitadigan jihozlar qo‘yilgan. Ikkinchi va uchinchi qavatlarda umumiy o‘quv zallari, yerto‘lada arxiv joylashgan. Shuningdek, bu yerda yoshlar axborot texnologiyalarini o‘rganishi mumkin. Davlatimiz rahbari shu yerda namanganlik yoshlar bilan muloqot qildi.
“Namangan buyuk allomalar, usta tadbirkorlar yurti. Bugun ham yoshlar iqtisodiyot, san’at, sport sohalarida katta yutuqlarga erishmoqda. Bularni eshitib, ko‘rib, xursand bo‘laman. Yoshlarimiz uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar tashkil qilishni o‘ylayman”, - dedi Prezident.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev vodiy viloyatlariga uch kunlik safarini yakunlab, Toshkent shahriga qaytib keldi.






