Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi Milliy siyosat (2022-2030) loyihasining taqdimoti

Joriy yilning 19-aprel kuni UNESCOning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Oʼzbekiston Respublikasining Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi Milliy siyosat (2022-2030)” loyihasining taqdimoti boʼlib oʼtdi.
Tadbirni Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibroxim Аbduraxmonov ochib berdi. Shuningdek, UNESCOning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Аlexandros Makarigakis ham ishtirok etdi.
“Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi Milliy siyosat (2022-2030)” loyihasi “UNESCO Global Observatory of Science, Technology and Innovation Policy Instruments towards strengthening inclusive Science, Technology, Innovation Systems for the Sustainable Development Goals” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyihaning maqsadi 2030-yilgacha mamlakatda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida muayyan maqsadlarga erishish, jumladan COVID-19 davrida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning inklyuziv va barqaror shart-sharoitlarini yaxshilash uchun ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidan foydalanish boʼyicha siyosiy asosni mustahkamlashdan iboratdir.
Loyiha 2020-yil UNESCOning GO-SPIN metodologiyasiga muvofiq ITBning moliyaviy koʼmagi asosida amalga oshirish uchun yoʼlga qoʼyildi. “Milliy siyosat”ni tayyorlash davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan barcha manfaatdor taraflar ishtirokida hujjat loyihasi muhokamasi uchun seminarlar tashkil etildi, shuningdek davlat organlari va tashkilotlari, ilmiy jamoatchilik vakillari, xususiy sektor, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar oʼrtasida keng muhokama qilindi.






