Italiya elchisi manfaatli aloqalarning rivojlanish istiqbollarini yuqori baholadi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna hamda “EXPO-2030” Butunjahon ko‘rgazmasini o‘tkazish yuzasidan Rim shahri nomzodligi bo‘yicha elchi Romeo Orlandi bilan uchrashdi.

Uchrashuvda J.Ortiqxo‘jayev mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston-Italiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligiga 30 yil to‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, xususan, Toshkent shahriga ham qiziqish ortayotganligi, hozirgi kunda poytaxtimizda Italiya davlati bilan hamkorlikda 19 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritayotganini ta'kidladi.

O‘z navbatida, Agostino Pinna Toshkent bilan o‘zaro manfaatli aloqalarning rivojlanish istiqbollariga yuqori baho berib, o‘zaro tovar aylanmasining yillik miqdori ham tobora o‘sib borayotgani, poytaxtimizdagi italiyalik tadbirkorlar soni ko‘payayotganini aytib, J. Ortiqxo‘jayevni “EXPO-2030” Butunjahon ko‘rgazmasini Rim shahrida o‘tkazish g‘oyasining targ‘iboti doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Romeo Orlandi bilan tanishtirdi.

Romeo Orlandi Rim shahri Pusan, Odessa hamda Er-Riyod shaharlari bilan bir qatorda “EXPO-2030” Butunjahon ko‘rgazmasini o‘tkazishga nomzod ekanini ta'kidlab, Toshkent hokimini uch ming yillik tarixga ega Rim shahriga taklif qildi.