Jarimalar oyligidan olib qolinayotganini ma'lum qilgan tez yordam haydovchisi yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda ayblandi

Sud tez yordam haydovchisini yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda aybdor deb topdi, biroq u javobgarlikka tortilmadi va ogohlantirish berildi. Avvalroq haydovchilar ularga kelgan jarimalar oyliklaridan ushlab qolinayotganini aytib, videomurojaat yo‘llagandi. IIV esa jarimalar bekor qilinishini bildirgan.

Toshkent shahrida tez tibbiy yordam avtomobillariga jarima belgilanayotgani va ular bekor qilinmayotgani haqida xabarlar tarqalib, IIV va SSV ushbu turdagi jarimalar bekor qilinishini bildirgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan videomurojaat bilan bog‘liq holat yuzasidan 11- yanvar kuni sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 202−2-moddasi (Yolg‘on axborot tarqatish) 2-qismi bo‘yicha M.Samiqov (1974 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent shahri Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi maxsuslashtirilgan avtoxo‘jaligi haydovchisi) va D.Kasimov (1972 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent shahri Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi maxsuslashtirilgan avtoxo‘jaligi mexanigi)ga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, M.Samiqov shahar YHXBdan yuborilgan, tez tibbiy yordam avtomashinalari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun tayinlangan qarorlarda belgilangan jarimalar haydovchilarning oyligidan olib qolinayotgani xaqida yolg‘on ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan.

Ma'lum qilinishicha, M.Samiqov shu sababli tez tibbiy yordam xizmati avtomashinalari chaqiruvga o‘z vaqtida yetib borilmasligida ularni ayblamasliklarini sabab qilib, ushbu harakatlari bilan jamoat tartibiga tahdid soluvchi hamda keng jamoatchilikning muhokamasiga va e’tiroziga sababchi bo‘lgan yolg‘on axborot tarqatgan, deb topilgan.

Sudning 11-yanvardagi qarori bilan M.Samiqovning harakatlarida 183-moddada nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli ishning shu qismi kodeksning 271-moddasi (Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 1-bandiga asosan harakatdan tugatildi.

M.Samiqov 21-modda (Huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish)ga asosan ma’muriy javobgarlikdan ozod etildi va ogohlantirildi.