Maxfiy hujjat: Rossiyaga sanksiya kiritmagan Serbiya Ukrainani qurollantirishga rozi

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali sizdirilgan AQSh maxfiy hujjatida aytilishicha, Rossiyaga qarshi sanksiya kiritishdan bosh tortgan Serbiya Ukrainaga qurol yetkazib berishga rozi bo'lgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Hujjatda qayd etilishicha, Serbiya kelajakda Ukrainaga qurol yetkazib berish uchun siyosiy iroda va harbiy salohiyatga ega.

Serbiya Mudofaa vaziri Milosh Vuchevich mazkur ma'lumotlarni “haqiqatga to'g'ri kelmaydi” deya atadi.

“Serbiya Ukrainaga ham, Rossiya tomoniga ham, ushbu mojaro atrofidagi davlatlarga ham qurol sotmagan va sotmaydi” deya ta’kidladi u.

Pentagon va Ukraina elchixonasi esa hozircha ma'lumotga rasmiy izoh bergani yoʻq.