Mubadala va TAQA Talimarjon IESni modernizatsiya qilishga investitsiyalar kiritadi

2022-yil 9-sentabr kuni Toshkent shahrida Birlashgan Arab Amirliklari Mubadala va TAQA kompaniyalari Talimarjon IESga keng ko'lamli investitsiyalar kiritishlarini nazarda tutuvchi bitimlarni imzolash marosimi bo'lib o'tdi. Kelishuvlarning amalga oshirilishi O'zbekistonning eng yirik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish va quvvatini kengaytirishga imkon beradi.

Marosimda BAA tomonidan energetika va infratuzilma vaziri Suxeyl al-Mazrui hamda Mubadala va TAQA kompaniyalari rahbarlari, O'zbekiston tomonidan esa Bosh vazir o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Energetika vazirligi, "Milliy elektr tarmoqlari" va "Issiqlik elektr stantsiyalari" aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Imzolangan bitimlar Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini boshqaradigan qo'shma korxona tashkil etishni nazarda tutadi. BAA kompaniyalarining investitsiyalari qo'shma korxonaning 300 million dollarlik ustav kapitalidagi 80 foiz ulushi uchun to'lov hamda ilgari "Talimarjon IES" AJ tomonidan jalb qilingan taxminan 700 million dollarlik kreditlarni to'lashga yo'naltiriladigan mablag'lardan iborat. Shunday qilib, BAA kompaniyalari Talimarjon IESga deyarli 1 milliard dollar sarmoya kiritmoqda.

Imzolangan bitimlar BAA kompaniyalari uchun Talimarjon IES va boshqa issiqlik elektr stansiyalarini elektr energiyasi ishlab chiqarishning kombinatsiyalashgan tsiklining eng zamonaviy bug' - gaz qurilmalari bilan jihozlash orqali ularning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qo'shimcha investitsiyalar kiritish imkoniyatini beradi.

Hamkorlikning navbatdagi bosqichi doirasida BAA kompaniyalari "Talimarjon IES" AJda qo'shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga investitsiyalar kiritadi.