Foydalanuvchilar soni 1 milliondan oshgan ArzonApteka asoschisi Dubay biznes muhiti haqida so'zladi

Expo 2020 Dubai shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston milliy kunida "Bright Uzbekistan" loyihasining asoschisi Davron Abdullaev BAA bozoriga startap olib kelgan ArzonApteka loyihasi asoschisi Murat Mahkamov bilan uchrashdi.

ArzonApteka loyihasining asosiy yo'nalishi O'zbekiston dorixonalaridan qulay ilova va telegram-bot orqali kerakli dori-darmonlarni topishdir. Bugungi kunda FOM Group tomonidan butun mamlakat bo'ylab 3500 dan ortiq dorixonalar avtomatlashtirildi. Foydalanuvchilar soni 1 milliondan oshdi.

ArzonApteka foydalanuvchilarga kerakli dori-darmonlarni joy va narx bo'yicha onlayn tarzda kuzatib borish imkonini beradi. Bundan tashqari, dasturda yetkazib berish imkoniyatiga ega dorixonalar ro'yxati keltirilgan maxsus yorliq ham mavjud.

"Butun jamoamiz uchun loyihaning xorijga kirib borishi tarixiy qadamdir. Men uchun, bu bolalikdagi orzuimning amalga oshganidir. Bolalikda, otamga kichik farma-bizneslarida yordam berib, katta dorixona tarmog'ini yaratish haqida o'ylardim. O'z ishimni boshlab, shuni tushundimki, kelajak-an'anaviy sohalarda IT-texnologiyalarni joriy etish bilan bog'liq ekan. O'sha paytda birinchi marta "ArzonApteka" g'oyasi paydo bo'ldi. Bu, o'z navbatida, investitsion jozibador kompaniya bo'lib, IT Parkning qulay ekotizimi va shart-sharoitlari tufayli boshqa bozorlarga kirishga qodir loyiha bo'ldi", - dedi Murod Mahkamov.