O’zbekipaksanoat uyushmasi tashkil etilganligining 5 yilligi munosabati bilan matbuot anjumani o’tkazildi

Joriy yilning 29-mart kuni “Oʼzbekipaksanoat” uyushmasi binosida joylashgan Ipak va jun mahsulotlari shourumida "Oʼzbekipaksanoat" uyushmasi tashkil etilganligining 5 yilligi munosabati bilan sohada erishilgan natijalar va islohotlar samarasiga bagʼishlangan matbuot anjumani boʼlib oʼtdi.
Unda “Oʼzbekipaksanoat” uyushmasi Boshqaruv raisi Bahrom Sharipov, mutasaddi rahbarlar hamda OАV vakillari ishtirok etdi.
Maʼlumki, "Oʼzbekipaksanoat" uyushmasi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʼzbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” 2017-yil 29-martdagi PQ-2856-sonli qaror bilan tashkil etilgan.
Hozirga kunda “Oʼzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibida 152 ta tuman va 13 ta hududiy “Аgropilla” tashkilotlari faoliyati toʼliq yoʼlga qoʼyilgan. Tuman agropilla tashkilotlariga 1 315 ta malakali agronomlar ishga qabul qilinib, Uyushma tomonidan “onlayn” boshqaruv tizimi joriy etildi. Tizim korxonalaridagi 90 nafar mutaxassislar Xitoyda malaka oshirib qaytishdi.
Shuningdek, 2020-2021-yillarda jami 10,2 ming gektar yaroqsiz tutzorlar rekonstruktsiya qilindi. Tizimdagi 22 ta tutchilikka ixtisoslashgan xoʼjalikda 2021-yilda 95,9 mln. tup tut koʼchati yetishtirilgan. Yetishtirilgan tut koʼchatlari soni 2020-yilga nisbatan 31,6 mln. tupga (49 foiz) oshgan.
Natijada tut koʼchati importiga toʼliq chek qoʼyilib, respublikada tut koʼchatiga boʼlgan talab toʼliq qoplanib, 100 foiz mahalliylashtirildi.






