Oʻzbekiston U-20 jamoasi Dominikanni yirik hisobda magʻlub etdi

Oʻzbekiston U-20 futbol terma jamoasi Argentinada oʻtkaziladigan jahon chempionati oldidan Ispaniyadagi yigʻin doirasida navbatdagi bahsni Dominikan Respublikasining U-20 terma jamoasiga qarshi olib bordi.

Qiziqarli kechgan bahsning 20-daqiqasida hisobni Shahzod Rahmatullayev ochgan boʻlsa, 40-daqiqasida penaltidan Poʻlatxoʻja Xoldorxonov hisobni 2-0 holatiga keltirdi va birinchi boʻlim yoshlarimiz foydasiga yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 75-daqiqasida hakamning yana bir bor belgilagan penaltisini Abbosbek Fayzullayev toʻgʻri amalga oshirib, hamyurtlarimizning uchinchi goliga mualliflik qildi. Shu tariqa oʻyin 3-0 hisobida yoshlarimiz gʻalabasi bilan nihoyasiga yetdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi 22-aprel kuni Braziliyalik tengqurlariga qarshi toʻp surib, 4-1 hisobida magʻlubiyatga uchragan edi.