O‘zbekiston va Qirg‘iziston So‘xdagi yerosti gaz omborini tiklashni boshlayapti

Kecha, 10-aprel kuni Energetika vazirligi boshchiligidagi Ishchi guruh “Shimoliy Soʻx” GYOSIda tabiiy gazni saqlash tizimini tiklashga doir loyiha doirasidagi tadqiqotlarni oʻtkazish uchun mavjud muammolarni oʻrganish maqsadida Qirgʻizistonning Qadamjay tumaniga bordi.
Qirgʻiziston tarafidan tuzilgan ishchi guruhi bilan uchrashuvda yoʻl xaritasida koʻzda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish muhokama qilindi. Qirgʻiziston hududidagi gaz quduqlarining holati koʻzdan kechirilib, loyiha doirasida amalga oshiriladigan navbatdagi qadamlar belgilab olindi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida So‘xdagi yerosti gaz omborini tiklash bilan bog‘liq kelishuvlar amalga oshirilgan edi. “Shimoliy So‘x” yerosti gaz saqlash inshootida tabiiy gazni saqlash tizimini tiklash” loyihasi ham shu rejadan o‘rin olgan.
Ikki davlat Energetika vazirlari tomonidan ham mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash uchun “Yo‘l xaritasi” imzolangan. O‘zbekiston tomonidan 15 kishidan iborat ishchi guruh shakllantirilgan. “O‘zLITIneftgaz” bilan birgalikda “Shimoliy So‘x” yerosti gaz saqlash inshooti quduqlarida dala tadqiqotlarini o‘tkazish uchun texnik topshiriq ishlab chiqilgan.
“Shimoliy So‘x” yerosti gaz saqlash ombori 1976-yilda xuddi shu nomdagi kon bazasida qurilgan bo‘lib, SSSR parchalanganidan keyin ham uzoq vaqt davomida Toshkent va Bishkek o‘rtasidagi bahs mavzusi bo‘lib qolgan edi. Gaz omborining asosiy qismi Qirg‘iziston hududida, kompressorlari esa O‘zbekiston hududida joylashgan va u yerdagi yerosti gaz zahirasi hajmi 2,5-3 mlrd m³ni tashkil qiladi.






