Oʻzbekistonda sabzi narxi rekord darajada qimmatlashdi

2023-yil 17-martdan 7-aprelga qadar O‘zbekistonda o‘tgan yilgi hosil sabzisining o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 4000 dan 6000 so‘mgacha, ya’ni, uch haftada roppa-rosa 50 foizga oshdi. Bu haqda “EastFruit” mutaxassislari maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 2022-yil bahorida O‘zbekiston poytaxtidagi ulgurji bozorlarda yangi hosil ("yosh") sabzisining birinchi yirik partiyalari mart oyining 20-sanalarida, 2021-yilda esa ushbu mahsulotning ilk ulgurji partiyalari taxminan mart oyi o‘rtalaridan boshlab bozorga chiqqan edi.
“Biroq, o‘tgan hafta oxiriga kelib ham, mamlakat poytaxtining ulgurji bozorlarida yangi hosil ("yosh") sabzisining yirik partiyalari chiqmadi, ya’ni mazkur turdagi sabzavotning yirik partiyalarini bozorga kirib kelishi ancha kechikmoqda. Ayni paytda o‘tgan yilgi hosil sabzisining narxi ketma-ket uchinchi hafta ko‘tarilmoqda, bu davrda ulgurji narxlar 1,5 barobar oshdi va rekord darajaga yetdi”, deyiladi tadqiqotda.
So‘nggi bir necha hafta ichida narxlarning bunday o‘sishiga tashqi bozorlar ta’siri asosiy omil bo‘lmagan va bunday dinamika, asosan, ichki bozordagi talab va taklif nisbati bilan shakllangan.






