Oʻzbekiston-Belarus: tovar ayirboshlash hajmi 71 foizga o’sgan

Joriy yilning 4-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Leonid Marynichni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston-Belarus savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligining bugungi holati va uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zaro savdo munosabatlarida ijobiy dinamika kuzatilayotganligi qayd etildi. Xususan, 2022-yil oxiriga kelib ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 71 foizga o‘sib, 530 million dollardan oshdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston mahsulotlarining Belarusga eksporti ikki baravar oshdi. Tomonlar yaqin yillarda savdo ko‘rsatkichlarini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Muloqot davomida sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 181 taga yetdi, ulardan 77 tasi qoʻshma va 104 tasi 100 foiz Belarus investitsiyalari ishtirokida tashkil etilgan. 2022-yilning o‘zida 86 ta yangi korxona tashkil etildi. Oʻz navbatida Belarus hududida Oʻzbekiston sarmoyasi ishtirokidagi yuzdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Tomonlar sanoat kooperatsiyasining yangi qoʻshma loyihalarini amalga oshirishga har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligini bildirdilar.