Prezident: Endi har bir joy bo‘yicha xalq fikrini olib, aql bilan, sifatli qurish kerak

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasiga borib, Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.

“ToshkentboshplanLITI” korxonasida chet ellik va mahalliy loyihachilar ikki yil davomida ishlashdi. Aholining o‘sishi, transport va muhandislik tarmoqlari, iqlim o‘zgarishlari tahlil qilinib, shu asosida transport tugunlari va aholi punktlarini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Tashrif chog‘ida Prezidentimizga mazkur strategiya haqida axborot berildi.

Ko‘zda tutilayotgan ishlardan biri shuki, Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi ochiq-oshkora qayd etib qo‘yiladi. Aholi o‘z mahallasi yoki tadbirkorlar biznes ochmoqchi bo‘lgan yerining qanday hududda joylashganini internet orqali bemalol ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Tirbandlik muammosini hal etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15 daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, “Park and ride” tamoyili asosida, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bog‘lanadi.

Yana bir muhim chora – binolarga ijtimoiy talablar belgilash. Masalan, shahar ichida ko‘p qavatli inshoot qurilgudek bo‘lsa, uning turiga qarab, maktab, bog‘cha, maishiy xizmat, avtoturargoh o‘rni, ko‘kalamzorlashtirish maydoni kabi me’yorlar qo‘yiladi.

Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi “Yangi Toshkent” konsepsiyasi bilan mutanosib tayyorlangan. Bu yangi shahar poytaxtimizning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etiladi. 500 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi.

“Shaharni rivojlantirish bo‘yicha bu stratageyamizni dunyodagi yetuk mutaxassislar ham ma’qulladi. Endi har bir joy bo‘yicha xalq fikrini olib, aql bilan, sifatli qurish kerak. Bu yangi shahar xalqimizga munosib, iqlimimizga mos, zamonaviy bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.