Reklamada axloq va ma'naviyatga zid bo'lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-iyun kuni “Reklama to'g'risida”gi Qonunni imzoladi. Unga ko'ra, darsliklar va daftarlarda reklama bo‘lishi, milliy va oilaviy an’analarga zid obrazlardan, mashhurlar va tibbiyot xodimlari siymosidan foydalanish, tovar narxlarini valyutada ko‘rsatish taqiqlanadi. Qolaversa, reklamalarda yosh tasnifi ko‘rsatiladi.

Hujjatga ko‘ra quyidagilar taqiqlanadi:

maktabgacha ta'limda hamda tarbiyada, umumiy o'rta, o'rta maxsus va professional ta'limda foydalaniladigan bosma nashrlarda (darsliklarda, maktab kundaliklarida, maktab daftarlarida va boshqalarda) tovarlarni reklama qilish;
narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko'rsatish;
bolalarni ularning sog'lig'iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to'g'risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko'rsatmasdan reklama qilish;
milliy va oilaviy an'analarga, shuningdek axloq va ma'naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo'lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish.
Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko'rinishi shifokorlarning tashqi ko'rinishiga o'xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi.

Telekanallar efirida, tele-, video-, kinoxronikali dasturlarda tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko'rsatuv vaqtining 1 soati davomida 20 foizdan, biroq bir sutkada ko'rsatuv vaqtining 15 foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab faqat reklama teledasturlariga ixtisoslashtirilgan telekanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Shuningdek, davomiyligi 10 daqiqadan kam bo'lgan teleko'rsatuvlarni reklama bilan uzib qo'yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo'l qo'yilmaydi.

Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o'tgach kuchga kiradi.