Reuters: Rossiya Eronga benzin va dizel yetkazib bermoqda

Rossiya Federatsiyasi joriy yil birinchi marta Eronga temir yo'l orqali benzin va dizel yoqilgʻilarini eksport qilmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, G'arb sanksiyalari ostida qolgan bu ikki davlat o'z iqtisodiyotini qo'llab-quvvatlash hamda Moskva va Tehron asossiz deb hisoblagan sanksiyalarni ahamiyatsizlashtirish uchun aloqalarini yanada mustahkamlayapti.

O'tgan yilning kuzida Rossiya Bosh vaziri o'rinbosari Aleksandr Novak Eron bilan neft mahsulotlarini ayirboshlash boshlanishini e'lon qilgan edi. “Reuters” manbalariga koʻra, amalda yetkazib berish joriy yil boshlangan.

Xususan, fevral va mart oylarida Moskva Tehronga 30 ming tonnagacha benzin hamda dizel yoqilg'isi yetkazib bergan. Barcha operatsiyalar Qozog'iston va Turkmaniston boʻylab temir yo'l orqali amalga oshirilgan.

Nashr manbalarining aytishicha, yuklarining bir qismi Erondan qoʻshni davlatlarga, jumladan Iroqqa ham yuk mashinalari orqali joʻnatilgan.

“Rossiya hozirgi vaqtda Eronga dizel va benzinni temir yo'l orqali eksport qilishdan manfaatdor, chunki dengiz orqali eksport qilish xarajatlari qimmat va G7 mamlakatlari tomonidan o'rnatilgan narx chegarasi ham mavjud”, deyiladi xabarda.