Sertifikatlashtirish tizimiga o’zgartirishlar kiritildi

 
O’zbekiston hududidagi 18 nafar mehmonxona sertifikatlashtirish tizimida rad javobni oldi.
 
2022-yilning yanvar oyida 20 ta joylashtirish xizmatini ko‘rsatish obyektlarida sertifikatlashtirish auditlari o‘tkazildi. Ularning natijalariga ko‘ra, 18 ta mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish obyektlarida elektron dastur bilan integratsiyalashgan elektron kalitli (plastik magnit karta) qulflar va nogironlar uchun maxsus xona tashkil etilmaganligi sababli sertifikatlashtirish bo‘yicha rad javobi berildi.
 
O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 15-oktabrdagi O‘RQ-641-sonli “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasiga muvofiq mehmonxona va o‘xshash joylashtirish vositalarida nogironlar uchun sharoitlari bo‘lgan kamida bitta nomerning mavjud bo‘lishi hamda nomerni jihozlash bo‘yicha talablar kiritildi.
 
Joylashtirish vositalari va ularda taqdim etiladigan xizmatlarga doir umumiy talablarni belgilovchi O‘z DSt 3220:2017 “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Umumiy talablar” va O‘z DSt 3296:2018 “Turizm xizmatlari. Mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalari. Tasniflash tizimi” davlat standartlariga tegishli hukumat qarorlariga muvofiq o‘zgartirishlar kiritildi.
 
O‘z DSt 3220:2017 davlat standartiga kiritilgan o‘zgartirishlar 2021-yil 3-iyuldan, O‘z DSt 3296:2018 davlat standartiga kiritilgan o‘zgartirishlar 2021-yil 30-iyundan amalga kiritildi.
 
Mazkur talablarning bajarilishi sertifikatlashtirish obyektlarida o‘tkaziladigan navbatdagi inspeksiya nazorati davomida standartga muvofiq kiritilgan o‘zgartirishlar bo‘yicha dasturga asosan tekshirildi. Afsuski, tekshiruvlar kutilgan natijani ko’rsatmadi.