Toshkent irrigatsiya-drenaj tizimini ta’mirlash uchun 700 mln so‘m ajratiladi

Toshkent shahrining irrigatsiya-drenaj tizimini taʼmirlash uchun 700 mln soʻm ajratiladi. Bu haqda shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning 7-aprel kuni imzolagan qarorida keltirilgan.

“Toshkent shahrida yogʻingarchilik davrida suv toshishi kabi holatlarning oldini olish maqsadida drenaj va kollektorlarni (irrigatsiya tizimini) taʼmirlash va beton quvur yotqizish ishlarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun 700 million soʻm miqdorda mablagʻ ajratilsin”, deyiladi hujjatda.

Qayd etilishicha, mazkur mablagʻlar poytaxt byudjetining zaxira fondidan ajratilishi koʻzda tutilgan.