Tramp «Shimoliy oqim»dagi sabotajga Rossiya aybdormasligini aytdi

AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp Boltiq dengizi tubi bo‘ylab o‘tgan, Germaniya va Rossiya o‘rtasidagi “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim 2” magistral gaz quvurlaridagi sabotajda Rossiyaning aloqasi yo‘qligini aytdi. Bu haqda TASS uning “Fox News” telekanaliga bergan intervyusiga tayanib, xabar berdi.

Tramp jurnalistning qo‘poruvchilik ortida kim turgani haqidagi savoliga javob berishdan bosh tortdi.

“Men mamlakatimizni muammolarga aralishib qolishini istamayman, shuning uchun men bunga javob bermayman. Ammo men sizlarga ayta olamanki, bu Rossiya emas", deya taʼkidladi Tramp.

27-sentabr kuni “Nord Stream AG” shirkati “Shimoliy oqim” quvurining uchta tarmog‘ida misli ko‘rilmagan qoʻporuvchilik sodir bo‘lganini xabar qilgan edi. Shvetsiyalik seysmologlar 26-sentabr kuni quvurlar yo‘nalishida ikkita portlashni qayd etdi. Rossiya prokuraturasi hodisani xalqaro terrorchilar hujumi sifatida tekshirishni boshlagan.