Turkiy davlatlararo transport infratuzilmalarini rivojlantirish

Xabar berganimizdek, joriy yilning 27-oktabr kuni O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligida Turkiy Davlatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlar quruqlik portlari rahbarlarining beshinchi uchrashuvi, "Hilton Tashkent City" mehmonxonasida Turkiy davlatlar tashkiloti temir yoʼl maʼmuriyati rahbarlarining birinchi uchrashuvi hamda Turkiy Davlatlar Tashkiloti Transportni rivojlantirish bo'yicha ishchi guruhining 11-yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Turkiy Davlatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlar quruqlik portlari rahbarlarining beshinchi uchrashuvida, Turkiy Davlatlar Tashkiloti Bosh kotib o’rinbosari Mirvohid Azimov, hamda “Akhtachi”, “Universal Logistics Services”, “Termiz Cargo Centre” logistika markazlari, Ozarbayjonning Baku porti, Qozogʼistoning Аktau va Kurik portlari, shuningdek, Turkiyaning Mersin porti vakillari ishtirok etib, “Qardoshlik portlari” oʼrtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Turkiy Davlatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlar oʼrtasida yuk tashuvlar hajmini oshirish, qoʼshni davlar bilan tranzit tashuvlarni tashkil etish hamda konteyner va multimodal tashuvlarni amalga oshirishda qulay sharoitlarni yaratish masalalari muhokama etilgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti temir yoʼl maʼmuriyati rahbarlarining birinchi uchrashuvida esa, Tashkilot Bosh kotibi Bag’dod Amreyev, Oʼzbekiston Respublikasi Transport vaziri oʼrinbosari Аbdusamat Moʼminov, “Oʼzbekiston temir yoʼllari” АJ boshqaruv raisi Husniddin Hosilov, “Ozarbayjon temir yoʼllari” Boshqaruv raisi Xijran Valexov, “Qozogʼiston temir yoʼli” boshqaruv raisi Nurlan Saranbayev, “Qirgʼiziston temir yoʼli” davlat korxonasi bosh direktori Аzamat Sakiyev, “Turkiya davlat temir yoʼllari” bosh direktori oʼrinbosari Chetin Аltin ishtirok etdilar.
Shuningdek, Turkiy Davlatlar Tashkiloti Transportni rivojlantirish bo'yicha ishchi guruhining 11-yig'ilishi o’tkazilib, unda O'zbekiston, Turkiya, Qirg'iziston, Qozog'iston, Ozarbayjon va Vengriya ekspertlari ishtirok etdilar.
Ta’kidlash joizki, yig'ilish ishtirokchilari TDTga a'zo davlatlar o'rtasida transport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va hamkorlik aloqalari borasida erishilayotgan kelishuvlarga e'tibor qaratdilar.
Bundan tashqari, ishchi guruh yig'ilishining asosiy maqsadlaridan biri joriy yilning 28-oktabr kuni Toshkentda o'tkazilishi kutilayotgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti transport vazirlari majlisiga tayyorgarlik jarayonlari, kutilayotgan yakuniy natijalar va kelgusidagi rejalarni muhokama qilishdan iborat bo'ldi.






