Vazirlik, idoralarning markaziy apparatlarida tarkibiy boʼlinmalar 4 shakldan iborat boʼladi

Vazirlik va idoralarning markaziy apparatlari va hududiy boʼlinmalarining tuzilmalarini shakllantirish boʼyicha yagona talablar tasdiqlanmoqda. Hujjatga muvofiq endilikda vazirlik va idoralarning markaziy apparatlarida tarkibiy boʼlinmalar faqat 4 ta shakldan iborat boʼladi.

departament — 20+;
boshqarma — 7-19;
boʼlim — 2-6;
mutaxassislar — 1.

Rahbar xodimlar (rahbar, uning oʼrinbosarlari va maslahatchilari, yordamchisi, departament, boshqarma, boʼlim boshliqlari va oʼrinbosarlari) va ijrochilar (mutaxassislar) nisbati markaziy apparat boʼyicha kamida 1/3 nisbatda (33/67 foiz) boʼladi.

Vazirlarga ularning faoliyatini strategik vazifalarni hal etishga yoʼnaltirish, kunlik ishlar boʼyicha ish yuklamasini kamaytirish maqsadida ular faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahlil jihatdan taʼminlaydigan Vazir kotibiyati tashkil qilishga huquq berilmoqda.

Strategik rejalashtirish, axborot xizmati, kadrlar, axborot tahlil, ijro nazorati, murojaatlar, АKT, yuridik taʼminlash, korruptsiyaga qarshi kurashish, moliya-iqtisod, xalqaro aloqalar, birinchi boʼlim tarkibiy boʼlinmalari tashkil etilishi majburiy etib belgilanmoqda.

Vazirlik va idoralarning hududiy boʼlinmalarida tarkibiy boʼlinmalar faqat 3 ta shakldan iborat boʼladi:
boʼlim — 5+;
shoʼʼba — 2-4;
mutaxassislar — 1.

Rahbar xodimlar (boshqarma, boʼlim hamda shoʼʼba boshliqlari va oʼrinbosarlari) va ijrochilar nisbati boʼlinma boʼyicha kamida 1/3 nisbatda (33/67 foiz) boʼladi.