Yalpi ichki mahsulot birligiga to'g'ri keladigan energiya sarfi hajmi 30 foizga kamaytiriladi

“2030 yilgacha O'zbekistan Respublikasining "yashil" iqtisodiyotga o'tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko'ra, quyidagilar tasdiqlandi:

   - issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010 yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;
   - qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko'prog'iga yetkazish;
   - sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;
    - yalpi ichki mahsulot birligiga to'g'ri keladigan energiya sarfi hajmini 30 foizga kamaytirish;
    - suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sug'orish texnologiyasini joriy etish;
    - yiliga 200 million ko'chat ekish va ko'chatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish;
    - respublika o'rmon fondi zaxiralari ko'rsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish;
    - hosil bo'ladigan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizdan oshirish.

Shuningdek, 2023-yil 1-iyundan mahsulotlarni ishlab chiqarishda ekologiya va atrof-muhitga ta'sirni cheklash bo'yicha qo'yilayotgan talablar asosida “yashil sertifikatlar" tizimi joriy etiladi.