Yoshlar va saylov: elektoral madaniyatni oshirishning dolzarb masalalari

Joriy yilning 6 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Konrad Adenauer nomidagi fondning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Yoshlar va saylov: elektoral madaniyatni oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonda yoshlarning elektoral madaniyatini oshirishning dolzarb masalalarini hamda elektoral madaniyatni rivojlantirishning zamonaviy vositalari va shakllaridan foydalanish istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek yoshlarda elektoral madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasining ijobiy jihatlarini o‘rganishdan iboratdir.
Qonunchilik muammolari instituti direktori F. Otaxonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi muhim siyosiy jarayon ekanligi, mazkur jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni demokratik tarzda ochiq va oshkora o‘tkazish, Prezident saylovi ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida o‘tkazilishi, unga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng targ‘ib etish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Z.Nizamxodjayev aholining elektoral madaniyatini oshirishda targ‘ibotning zamonaviy usullari va shakllaridan unumli foydalanish, ayniqsa, ushbu jarayonda yoshlarning faolligini ta’minlash borasida amaliy chora-tadbirlarni ko‘rish zarur ekanligi yuzasidan munosabat bildirib, konferensiya ishtirokchilariga elektoral madaniyatni oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.






