YXHT DIIHB delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil etildi

Bugun, 14-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YXHT DIIHB) delegatsiyasini qabul qildi. Delegatsiyaga 2021-yil 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuzatish bo‘yicha DIIHB missiyasiga rahbarlik qilgan Eogan Merfi boshchilik qildi.

O‘zbekiston bilan DIIHB o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonning YXHTning barcha institutlari, jumladan DIIHB bilan konstruktiv o‘zaro hamkorligi sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Byuroning saylovlarni kuzatish bo’yicha toʻliq miqyosdagi missiyalari parlament (2019-yil) va Prezident saylovlarida (2016 va 2021-yillar) ishtirok etdi.

E.Merfi O‘zbekiston bilan DIIHB o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi sura’tini, jumladan, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish kabi yo‘nalishlardagi aloqalarni yuqori baholadi.

Suhbat chog‘ida 2021-yil 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha DIIHB missiyasining yakuniy hisobotida ilgari surilgan tavsiyalarning ijrosi yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar bu yo‘nalishda konstruktiv hamkorlikka tayyor ekanini bildirdilar.