Qoraqalpogʼiston Respublikasi va Xorazm viloyatining investitsion faoliyati

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida videokonferentsiya tarzida Qoraqalpogʼiston Respublikasi va Xorazm viloyatida investitsiya faoliyatining bugungi holatini va sohadagi dolzarb vazifalarni oʼrganishga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari, Oʼzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari hamda yuqoridagi ikki hudud tadbirkorlari ishtirok etdi.

Masʼul rahbarlar tomonidan sanoatni rivojlantirishni ragʼbatlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksportni oshirish va ushbu hududlardagi tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʼyicha amalga oshirilgan ishlar natijalari koʼrib chiqildi. Oldindan koʼrilgan chora-tadbirlar tufayli Qoraqalpogʼiston Respublikasida umumiy qiymati 3,2 trln soʼmlik 256 yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqilgani, buning natijasida 18,6 mingta yangi ish oʼrni yaratilayotgani maʼlum qilindi. Bunga koʼp jihatdan mahalliy tadbirkorlar bilan oʼzaro hamkorlik qilish va yangi biznes tashabbuslarini amalga oshirishda ularga amaliy yordam koʼrsatish maqsadida mamlakat viloyatlari hokimliklarini Qoraqalpogʼiston Respublikasining tuman va shaharlariga biriktirish mexanizmi tufayli erishildi. Ushbu mexanizmni joriy etish boʼyicha toʼplangan tajribani Xorazm viloyatiga ham tatbiq etish vazifasi topshirildi.

Xuddi shu tartibda Qoraqalpogʼiston Respublikasi va Xorazm viloyatining tuman va shaharlariga biriktirilgan mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati oʼrganildi. Diplomatlarning saʼy-harakatlari bilan ushbu hududlarda xorijiy investorlar ishtirokida 2021 yilda 766,2 mln. dollarlik 83 investitsiya loyihasi amalga oshirilishi boshlab yuborilgan. Xorijiy investorlarni jalb qilish va mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼyishda amaliy yordam koʼrsatish maqsadida ushbu hududlarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish boʼyicha yangi takliflar ishlab chiqish maqsadida diplomatik vakolatxonalar vakillariga ushbu yoʼnalishdagi saʼy-harakatlarini faollashtirish topshirildi.