Baxtiyor Saidov Josep Borrel va Hadja Lahbib bilan muzokara oʻtkazdi

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Josep Borrel bilan muzokara oʻtkazdi.

“Janobi Oliylari bilan o’tkazgan samimiy muzokaralarimizda Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo mintaqalararo aloqalari, O’zbekistondagi muhim islohotlarni qoʻllab-quvvatlashda hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildik”, deya yozib qoldirdi Baxtiyor Saidov oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Shuningdek, Oʻzbekiston TIV rahbari Luksemburgda Belgiya Tashqi ishlar vaziri Hadja Lahbib bilan ham uchrashdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston-Belgiya kun tartibining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish, yuqori darajadagi muntazam almashinuvlarni davom ettirish, shuningdek, mintaqaviy farovonlik va tinchlik yo‘lida sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.