Xitoy TIV Fransiyadagi elchisining sobiq SSSR davlatlari suverenitetiga shubha bildiruvchi so‘zlarini inkor qildi

Joriy yilning 21-aprel kuni Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shay LCI telekanaliga bergan intervyusida sobiq SSSR davlatlari xalqaro huquq borasida samarali statusga ega emasligi, chunki ularning statusiga suveren davlatlar kuchini taqdim etuvchi xalqaro kelishuv yo‘qligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, u Qrim Ukrainaniki emas, Rossiyaniki ekanligini bildirgandi.

Bugun, 24-aprel kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning mamlakatning Fransiyadagi elchisining sobiq SSSR davlatlari suverenitetiga shubha bildiruvchi so‘zlarini inkor qildi. Uning ta'kidlashicha, Xitoy SSSR tarkibiga kirgan barcha respublikalarning suverenitetini hurmat qiladi.

“SSSR parchalanganidan so'ng Xitoy birinchilardan bo'lib turdosh davlatlar bilan diplomatik aloqalar o'rnatdi. Diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan beri Xitoy doimo o'zaro hurmat va teng huquqlilik tamoyiliga amal qilib, ikki tomonlama do'stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirdi. Xitoy Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin tuzilgan respublikalarning suveren maqomini hurmat qiladi”, dedi Mao Ning.

Uning taʼkidlashicha, hududiy suverenitetga nisbatan Xitoyning pozitsiyasi doimo aniq bo'lib kelgan. Respublika barcha mamlakatlar suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi va BMT Nizomining maqsad hamda tamoyillarini qo'llab-quvvatlaydi.