Dzyudo targʻibotini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 5 tashkilot oʻrtasida memorandum imzolandi

Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Bosh kotibi Jan-Lyuk Ruje, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Maktabgacha taʼlim vaziri Agreppina Shin, Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov va MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Tadbirda Oʻzbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ham ishtirok etdi. Rasmiylar nomidan dastlab Jan-Lyuk Ruje soʻz olib, memorandum ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtdi. Avvalo, janob Ruje mamlakatimiz ilk bor oʻtkazgan jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etganini alohida taʼkidlab, xalqaro federatsiya yurtimiz yoshlari orasida dzyudo targʻibotini kuchaytirishdan mamnun ekanini bildirdi.

Shuningdek, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov o’z nutqida Toshkent mezbonlik qilgan mazkur musobaqada terma jamoamiz qayd etgan natijadan mamnun ekani, ayniqsa, chempionat mamlakatimiz sporti tarixidan alohida joy olishini taʼkidladi. Qolaversa, dunyo birinchiligiga muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning tashrif buyurgani unga qanchalik ulkan darajada eʼtibor qaratilganidan dalolat ekanini aytib oʻtdi.

Azizjon Kamilov ham hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan chempionat yuqori saviyada tashkil etilgani, imzolanadigan memorandum kelgusida Davlat Bobonov va Muzaffarbek Toʻraboyev kabi jahon chempionlarining yetishib chiqishida muhim kasb etishini bildirdi. Qolaversa, Agrippina Shin va Baxtiyor Saidov ham mazkur hujjat oʻsib kelayotgan yoshlarimiz orasida sogʻlom turmush targʻibotini kuchaytirishda oʻz oʻrniga ega ekani haqida toʻxtalib oʻtishdi.

Imzolangan memorandumga Xalqaro dzyudo federatsiyasi loyihaga kiritilgan maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablarga kimano hamda tatamilar yetkazib bersa, Maktabgacha taʼlim hamda Xalq taʼlimi vazirliklari yoshlarning shugʻullanishlari uchun kerakli sharoitlarni yaratadi. Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi ushbu muassasalarni tajribali murabbiylar bilan taʼminlash, ularning malakasini oshirish kabi vazifalarni oʻz zimmasiga oladi.