O‘zbekiston va Pokiston Prezidentlari o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi

Islomobod shahrida 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviyning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar bir-birini samimiy qutlab, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

2022-yilda mamlakatlarimiz muhim sana – diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaydilar. O‘tgan vaqt mobaynida siyosiy muloqot va hamkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishildi. O‘zaro tovar ayirboshlashda jadal sur’at kuzatilmoqda. O‘tgan yili, pandemiyaga qaramay, uning hajmi 50 foizdan ziyodga oshdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni izchil kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar sheriklikning ushbu yo‘nalishini har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. O‘zbekiston Prezidenti astronomiya, astrofizika, fizika, matematika, virusologiya va robot texnikasi bo‘yicha ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazishda Islom hamkorlik tashkilotining “KOMSTEK” Ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi imkoniyatlaridan foydalanishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev Orif Alviyga mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Pokiston kuni munosabati bilan samimiy tabrik va eng ezgu tilaklarini izhor etdi hamda uni o‘ziga qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Shu bilan O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi yakunlandi, Shavkat Mirziyoyev Tokshentga jo‘nab ketdi.