Prezident: Parrandachilik xoʻjaliklariga 35 mln dollar kredit yoʻnaltiriladi

Joriy yil Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasining grant mablag‘lari hisobidan Oʻzbekiston hududlarida sut yig‘ish markazlari tashkil etiladi. Ularga kamida 100 ta aholi xonadoni biriktirilib, kooperativ tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida boʻlib oʻtgan oziq-ovqat tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimotida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, 2023-yil yakuniga qadar klasterlar tomonidan 64 ta chorvachilik kompleksi barpo etiladi. Jahon bankining mablag‘lari jalb qilinib, chorva mollarini identifikatsiya qilish tadbirlari boshlanadi.

Parrandachilik xo‘jaliklariga ozuqa va aylanma mablag‘lar uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 35 million dollar yo‘naltiriladi. Mazkur kreditlar samaradorligini “Parrandasanoat” uyushmasi kuzatib boradi. Naslli jo‘jalar importini qo‘llab-quvvatlash uchun subsiyadiya miqdori oshiriladi. Bularning natijasida parranda go‘shti yetishtirish hajmini yiliga 800 ming tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Baliqchilik uchun ham bir qator qo‘shimcha imkoniyatlar belgilanmoqda. Xususan, bundan buyon tabiiy suv havzalarini ijaraga berish onlayn auksion orqali bo‘ladi. Tarmoqda 241 ta, jumladan, krevetkani sanoat usulida yetishtirish loyihasi amalga oshiriladi. “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida baliqchilik loyihalari uchun 50 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi. Bularning evaziga joriy yilda 850 ming tonna baliq yetishtirish mumkin.

Taqdimot davomida davlat rahbari tabiiy ko‘llar va daryolarda baliq ovlash bilan cheklanib qolmasdan, ularning bo‘yida mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qiladigan ekoturizm maskanlari barpo etish zarurligini ta’kidladi.

Yigʻilishda qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalari bilan changlatish ko‘lamini oshirish vazifasi ham qo‘yildi. 50 ming gektar bog‘ va 200 ming gektar dala chetlarida asalari uyalarini joylashtirish, qo‘shimcha sharoitlar yaratib, aholini asalchilikka jalb etish choralari belgilandi. Prezident bu tizimlarni takomillashtirish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.