ACWA Power qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 5 ta loyihani amalga oshirmoqda

Bugun, 28-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan videokonferensaloqa orqali uchrashuv o‘tkazdi. Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi chog‘ida imzolangan investitsiyaviy bitimlarni amalga oshirishning joriy holati va uni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Muzokaralarda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari ham ishtirok etdi. Energetika sohasida sarmoyaviy hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Hozirda ACWA Power kompaniyasi umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq va quvvati 4,1 GVt dan ortiq bo‘lgan 5 ta loyihani amalga oshirmoqda. Loyihalarni joriy etishni jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrish, shuningdek, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan 10 milliard dollarlik yangi investitsiya dasturini ishlab chiqishni maromiga yetkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

1 milliard 310 million dollarlik MTP texnologiyasi asosida metanoldan propilen ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutgan holda kimyo tarmog‘ida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlarning borishi ko‘rib chiqildi. Joriy yilning dekabr oyida loyihaning texnik va texnologik parametrlarini ishlab chiqishni jadallashtirish maqsadida Saudiya Arabistoni kompaniyalari delegatsiyasining tashrif buyurishi rejalashtirildi.

Tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi ishlar ham xuddi shunday konstruktiv ruhda muhokama qilindi. Tomonlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 5 ta shifoxonani rekonstruksiya qilish, Al-Habib tibbiyot akademiyasini tashkil etish va farmatsevtika ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish haqida fikr almashdilar. Saudiya tomoni barcha tayyorgarlik jarayonlarini amalga oshirish va loyiha hujjatlarini shakllantirishni tezlashtirish maqsadida mutaxassislar guruhini yuborishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi bilan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida qo‘shma investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish to‘g‘risida Bitim tuzish, shuningdek, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi ko‘magida O‘zbekistonda Indeksga asoslangan aksiyadorlik jamg‘armasini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar.