Amerikaliklar yuqori lavozimlarni qariyalar egallaganidan havotirlanmoqda

Jamoatchilik Amerika Qoʻshma Shtatlarining 2024-yil boʻlib oʻtadigan prezidentlik hamda Kongress saylovlari fonida siyosatchilarning o'rtacha yoshi haqida tobora ko'proq qiziqmoqda. AQSh Senatidagi respublikachilar yetakchisi 81 yoshli Mitch Makkonnel o‘tgan hafta matbuot anjumani chog‘ida taxminan 20 soniya qotib qolganidan keyin bu masala asosiy muhokama mavzularidan biriga aylandi. Bungacha respublikachi omma oldida bir necha bor yiqilib tushgan.

Bundan tashqari, yana bir sabab 90 yoshli senator Diana Faynshteyn sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli Kongressda qatnashishni to‘xtatgani bo‘ldi. Uchrashuvlarning birida u suflyorsiz gapira olmagani qayd etilgan.

Shuningdek, Oq Uyning amaldagi rahbari 80 yoshli Jo Bayden AQSh tarixidagi eng keksa Prezident hisoblanadi. Bayden bo‘lajak saylovlarda ham o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qildi, agar u qayta saylansa, 82 yoshida yana mamlakatni boshqarishi kutilmoqda.

AQShning sobiq Prezidenti Donald Tramp ham 77 yoshida prezidentlikka da’vogarlik qilmoqda. Tramp g‘alaba qozonsa, 78 yoshida Oq Uyni boshqarishga kirishadi.

Ta’kidlanishicha, AQSh Senatining 100 nafar a'zosidan 67 nafari 60 yoshdan oshgan. Senatorlarning o‘rtacha yoshi 65 yoshga teng. Senatning eng keksa a'zolari 90 yoshli Diana Faynshteyn va 89 yoshli Chak Grassli hisoblanadi.

Vakillar palatasida a’zolaring ko'pchiligi oʻrta yoshga mansub boʻlib, ularning oʻrtacha yoshi 57 yoshni tashkil etadi. Palataning 453 nafar aʼzosi orasida faqat 189 nafari 60 yoshdan oshgan.