Suxayl al-Mazruiy Mirziyoyevga BAA Prezidenti va Dubay Amirining salomini yetkazdi

Bugun Toshkent forumi dorasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklarining Energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiyni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston-BAA ko‘p qirrali hamkorligi doirasidagi loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar avvalida vazir al-Mazruiy Shavkat Mirziyoyevga Prezident Shayx Muhammad Ol Nahayon va Vitse-prezident, Bosh vazir, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning salomini yetkazdi.

Ikki tomonlama munosabatlar rivojining bugungi yuqori sur’ati katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni aniq mazmun bilan boyitish maqsadida O‘zbekiston yetakchisi “yashil” iqtisodiyot, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish muhimligini ta’kidladi.