Apple 1 haftada 100 ga yaqin xodimini ishdan bo‘shatdi

Bloomberg xabariga ko’ra, Amerikaning Apple kompaniyasi o‘tgan haftada shartnoma bo‘yicha 100 ga yaqin xodimni ishdan bo’shatgan. Qisqarishlar Apple biznesining joriy ehtiyojlaridagi o‘zgarishlar tufayli amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda.

Bir oy oldin Apple 2023-yilda kompaniya xodimlarining kengayish sur’atlarini va ish haqi xarajatlarini kamaytirish niyatida ekanini xabar qilgan edi. Kadrlar tanlash bilan shug‘ullanuvchi pudratchilar kompaniyaning ko‘plab mintaqalardagi, jumladan, Texas va Singapur ofislaridagi xodimlarni qisqartirdi.

Apple ularga ikki haftalik ish haqini to‘lashga va tibbiy imtiyozlarini xuddi shu muddatga qadar saqlashga rozi bo‘ldi.

Boshqa ko‘plab kompaniyalar singari, Apple ham texnik yordam va mijozlarga xizmat ko‘rsatish kabi vazifalarni bajarish uchun shartnoma bo‘yicha xodimlarni ishga oladi. Bundan tashqari, Apple kompaniyasi Kaliforniyadagi kompaniya bosh qarorgohi yaqinidagi Santa-Klara okrugida ishlovchi kompaniya xodimlariga 5-sentabrdan boshlab haftasiga kamida uch kun masofadan emas, balki ofislarda ishlashi kerakligi haqida xabar bergan.