AQSh O‘zbekiston Chegara qo‘shinlariga 50 ta avtomobil topshirdi

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga 50 ta Toyota Hilux va Fortuner rusumli avtomashina topshirdi.

Chegara qo‘shinlari nomidan avtomashinalarni qo‘mondon o‘rinbosari, polkovnik Baxtiyor Mansurov qabul qilib oldi. Ushbu transport vositalari AQSh davlat departamenti moliyalashtiruvchi Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi doirasida sovg‘a qilindi.

Qiymati 2,25 mln dollarga teng avtomashinalar AQShning xavfsizlik sohasida O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordamining bir qismi hisoblanadi.

“2001-yilda AQSh va O‘zbekiston ilk bor mudofaa sohasi va qurollar tarqalishining oldini olish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandan buyon mamlakatlarimiz yadroviy, biologik, kimyoviy va radiologik materiallar tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, chegara xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha to‘la huquqli sherik bo‘lib kelmoqda. Bugun biz hamkorligimizning navbatdagi bosqichini nishonlashdan mamnunmiz va umid qilamizki, topshirilayotgan avtomashinalar O‘zbekiston davlat chegarasi va “yashil chegara”ni qo‘riqlashda chegara qo‘shinlarining imkoniyatlarini oshiradi hamda chegaradagi voqea-hodisalarga tezkor javob qaytirish imkonini beradi”, deya ta’kidladi elchi Rozenblyum o‘z nutqida.