BMB Trade Group kompaniyasi ShHTning integratsiyalashgan xizmat koʼrsatish platformasiga aʼzo boʼladi

Joriy yilning 4-noyabr kuni BMB Trade Group kompaniyasi Kuzatuv Kengashi raisi Bekzod Mamatqulov Oʼzbekistonda boʼlib turgan Xitoy Xalq Respublikasining Szyaochjou shahri meri Yuy Dunsyuan boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar oʼtkazdi.
Muzokaralar davomida Xitoy delegatsiyasiga kompaniyaning investitsiya, eksport hamda logistika imkoniyatlari taqdimot qilindi va bu Xitoy delegatsiyasida katta qiziqish uygʼotdi.
Uchrashuv doirasida Oʼzbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlashga, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti makonida keng bozor imkoniyatlaridan foydalanishga qaratilgan qator oʼzaro manfaatli investitsiya va eksport loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, logistika, energetika, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish sohalarida hamkorlik masalalari, Oʼzbekiston va Xitoyda ShHT mamlakatlari bilan yirik namoyish zonalari va qishloq xoʼjaligi mahsulotlari savdosi omborlari hamda markazlarini yaratish masalalari koʼrib chiqildi.
Erishilgan kelishuvlarga asosan BMB Trade Group kompaniyasi ShHTning integratsiyalashgan xizmat koʼrsatish platformasi, Xitoy import va eksport yarmarkasi hamda ShHT savdo yarmarkasi aʼzolaridan biriga aylanishi mumkin.
Shuni taʼkidlash joizki, 2022-yilning avgust oyida BMB Trade Group kompaniyasi Asia-Europe International Material Trade Center (АEEX) bilan hamkorlikda ShHT pilot zonasida investitsiya loyihalari, biznes va savdo aloqalarini rivojlantirish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʼyicha konsalting xizmatlarini koʼrsatadigan vakolatxonasini ochgan.
Umuman olganda, АEEX bilan hamkorlikning rivojlanishi milliy mahsulotlarni Xitoy va ShHT mamlakatlarining keng bozoriga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytiradi, mahalliy mahsulotlarni Xitoy Xalq Respublikasiga eksport hajmlarini oshirish uchun zamin yaratadi.






