BMT Bosh Assambleyasi Ukrainaga qarshi tajovuzning gumanitar oqibatlari to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi

24-mart kuni BMT Bosh Assambleyasi qayta tiklangan maxsus favqulodda sessiyasida «Ukrainaga qarshi tajovuzning gumanitar oqibatlari» rezolyutsiyasini qabul qildi.

Uni 140 ta davlat qo‘llab-quvvatladi. Besh delegatsiya - Rossiya, Belarus, Shimoliy Koreya, Suriya va Eritreya bunga qarshi chiqdi, 38 ta davlat esa betaraf qoldi.

BMT axborot xizmati xabariga ko‘ra, rezolyutsiya Rossiyadan Ukrainadagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilmaslikni talab qiladi. Hujjat mualliflari tinch aholining xavfsiz o‘tishini, shuningdek, yordamga muhtojlarga insonparvarlik yordami yetkazilishini ta’minlashni ham talab qilishdi.

Rezolyutsiyada ta’kidlanishicha, Ukrainadagi shaharlarning, xususan, Mariupolning qamal qilinishi tinch aholi uchun gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirib, evakuatsiya qilish harakatlariga to‘sqinlik qilmoqda. Bosh Assambleya Ukraina shaharlari blokadasini to‘xtatishga chaqirdi.

Bosh Assambleya delegatlariga ko‘rib chiqish uchun ikkita rezolyutsiya loyihasi taqdim etildi — ulardan biri Ukraina tomonidan taqdim etilgan va 90 ta davlat hammualliflik qilgan, ikkinchisi esa Janubiy Afrika tomonidan ilgari surilgan. Janubiy Afrika loyihasi, o‘t ochishni to‘xtatish va tinch aholini himoya qilishga chaqirdi. Ammo u sodir bo‘layotgan voqealarda Rossiyani ayblamadi va uning Ukrainaga bostirib kirishini qoralamadi, deya qayd etadi BMT axborot xizmati.