Crew Dragon kosmik kemasi to‘rt nafar sayyohni XKSga yetkazdi

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi AQSh Milliy kosmik agentligi (NASA) bilan birgalikda 8-aprel kuni to‘rt kishidan iborat to‘liq tijorat ekipaji bilan Falcon-9 raketasini past Yer orbitasiga muvaffaqiyatli olib chiqdi.

9-aprel kuni Crew Dragon kosmik kemasi Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) tutashdi. Falcon-9 raketasi Crew Dragon kosmik kemasi bilan Florida shtatidagi Kennedi kosmik markazidan muvaffaqiyatli uchirildi. Ax-1 missiyasi Axiom Space xususiy kompaniyasi tomonidan boshqariladi, uning maqsadi 2024-yilda birinchi tijorat kosmik stansiyasini ishga tushirishdir.

Ekipaj tarkibida amerikalik tadbirkor Larri Konnor, kanadalik investor Mark Pati va isroillik tadbirkor Eytan Stibbe bor edi. Ekipaj komandiri — NASAning sobiq astronavti, Axiom Space xodimi Maykl Lopes-Alegriya.

Kosmik kema XKS bilan muvaffaqiyatli tutashdi va kosmik sayyohlar XKSdagi 67-ekspeditsiya tadqiqot guruhiga qo‘shilishdi. Sayyohlar orbitada taxminan 10 kun, XKSda esa kamida 8 kun bo‘lishi rejalashtirilgan.

SpaceX 2021-yilning sentabrida ilk bor XKSga tijoriy ekipajni yuborgan edi. Ushbu parvozdan ko‘zlangan maqsad Amerikadagi saraton kasalxonalari uchun 200 mln dollar xayriya qilishdan iborat bo‘ldi. O‘sha ekipaj a’zolaridan biri esa mazkur xastalikdan davolanayotgan edi.