Donald Trampning TRUTH Social ijtimoiy tarmog‘i mart oyida ishga tushishi mumkin

AQShning 45-prezidenti Donald Trampning Trump Media & Technology Group kompaniyasi tomonidan yaratilgan TRUTH Social yangi ijtimoiy tarmog‘i mart oyining oxirigacha (AQSh foydalanuvchilari uchun) ishga tushirilishi kutilmoqda.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda ijtimoiy tarmoqning beta-sinovi davom etmoqda. AppStoredagi ma’lumotlarga ko‘ra, tarmoqning ishga tushirilishi bir oy oldin, 21-fevralda kutilgan edi. Ilovaga oldindan buyurtma berish mumkinligi aytildi.
Trampning matbuot kotibi Liz Xarrington avvalroq loyihaning maqsadi «Amerikadagi muxolifat ovozlarini o‘chirish uchun o‘z kuchlaridan foydalanadigan Kremniy vodiysidagi yirik texnologiya kompaniyalariga qarshi turish» ekanligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Twitter va Facebook Tramp sahifalarini uning tarafdorlari 6-yanvar kuni AQSh Kongressi binosiga bostirib kirgandan keyin bloklagan edi.






