Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi departamenti Bosh direktori bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi

Joriy yilning 28-may kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi departamenti Bosh direktori M. Liivala bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Tadbir davomida savdo, energetika, toʼqimachilik sanoati, АKT va sogʼliqni saqlash sohalarida Oʼzbekiston-Finlyandiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Finlyandiya tomoni Orolboʼyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʼyicha Koʼpsheriklik Trast jamgʼarmasining Maslahat qoʼmitasi ishida faol ishtirokini davom ettirishga, shuningdek, Finlyandiyaning bir qator donor tashkilotlari, moliya institutlari va xususiy kompaniyalaridan qoʼshimcha mablagʼ jalb etishga tayyorligini bildirdi.
Oʼzbekiston tomonining ishbilarmon doiralar vakillari oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalar oʼrnatilishini ragʼbatlantirish, oʼzaro savdo va investitsiyalar hajmini oshirish maqsadida Oʼzbekiston va Finlyandiyada xalqaro koʼrgazma va yarmarkalar oʼtkazish taklifi qiziqish bilan qabul qilindi.
Uchrashuv yakunida yaqin kelajakda boʼlib oʼtadigan iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʼyicha Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʼilishi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi biznes-forum doirasida munosabatlarning ustuvor yoʼnalishlari boʼyicha muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.






