«Fitch Ratings» O‘zbekistonning suveren kredit reytingini BB- darajada tasdiqladi

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini chop etdi. Hisobotga ko‘ra, mamlakatimiz suveren kredit reytingi BB- (barqaror kutilma) darajada tasdiqlandi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakatimizning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralari, mo‘tadil davlat qarzi darajasi va “BB” reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari respublika suveren kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan hisoblanadi.

Shu o‘rinda, mamlakatning xom-ashyo tovarlariga bog‘liqligi, institutsional va boshqaruv sifati darajalarining sustligi, yuqori inflyatsiya darajasi va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotining (YaIM) pastligi respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida keltirilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston geosiyosiy vaziyatning dastlabki ta’siriga bardosh bera oldi va mamlakat iqtisodiyoti tashki shoklarga qarshi chidamlilik namoyish etishda davom etmoqda.

Xususan, qulay eksport narxlari, qo‘llab-quvvatlovchi fiskal siyosat, pul o‘tkazmalarining sezilarli oshgani va valyuta almashuv kursining barqarorlashuvi natijasida respublika iqtisodiyoti joriy yilning I yarim yilligida 5,4 foiz o‘sishga erishgani sababli agentlik 2022-yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha kutilmasini 3,1 foizdan 5,1 foizga oshirgan.

Shu bilan birga, “Fitch” tomonidan kelgusi yilda kutilayotgan global o‘sishning zaiflashuvi oqibatida 2023-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 4,7 foizga o‘sishi va 2024-yilda bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan fiskal konsolidatsiya va qishloq xo‘jaligi, qurilish va sanoatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan islohotlar natijasida real o‘sish sur’ati 5,5 foizga yetishi prognoz qilinmoqda.