Fuqarolar tomonidan ilgari surilayotgan loyihalarni amalga oshirish uchun davlat tomonidan 1,1 trillion so‘m ajratiladi

“Tuman va shahar budjetlari mablag'larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo'naltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qo'llab-quvvatlash to'g'risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

2022-yilning birinchi choragida o‘tkazilgan tashabbuskor budjetlashtirish jarayoni yakunlariga ko‘ra, fuqarolar tomonidan ilgari surilgan 2215 ta loyiha g‘olib deb topildi va ularni amalga oshirish uchun 1,1 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Tumanlar (shaharlar)ga 2022-yil fevral-mart oylarida o‘tkazilgan tashabbuskor budjetlashtirish jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 139 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 85,4 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Mazkur mablag‘lar Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi tomonidan 2022-yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan huquqbuzarlik faktlari asosidagi mablag‘lar hisobidan yo‘naltirilmoqda.

Shuningdek, Qarorga muvofiq quyidagilar belgilandi:

jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishi va amalga oshirilishini baholash xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tomonidan har chorak yakunlari bo‘yicha amalga oshiriladi;
hisobot yili yakunlari bo‘yicha Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan chora-tadbirlarning bajarilishi ustidan yakuniy nazoratni amalga oshiradi;
Tumanlar (shaharlar) hokimlari tashabbuskor budjetlashtirish asosida amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari to‘g‘risida muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida ma’lumot beradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda g‘olib deb topilgan loyihalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni muntazam ravishda keng jamoatchilikka yetkazish tavsiya etildi.