GRAND OPENING 21/22 tog'-chang'i mavsumining ochilishi bo‘lib o‘tdi

2022 yil 9 yanvar kuni Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti hududida GRAND OPENING 21/22 qish mavsumining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Turizm va sport vazirligi tomonidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Eng uzun trassalardan biri “ALFA” majmuasi 21/22 qish mavsumi boshlanishini munosabati bilan havaskorlardan tortib to professionallargacha bo‘lgan barcha rayderlarni jamladi.
Mavsumning ochilishi har yili o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, qishki turizmni rivojlantirish, respublika aholisi o‘rtasida faol va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish maqsadida o‘tkaziladi. Taʼkidlash joizki, mamlakatda turizm mavsumdan qatʼiy nazar yil davomida mavjud.
Shuningdek, dam olish maskani hududida barcha sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilingan va xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Mehmonlar va tadbir ishtirokchilari o‘zlarining harakat yo‘nalishlarini diqqat bilan ko‘rib chiqishlari va kurortda umum qabul qilingan qoidalariga rioya qilishlari lozim. Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq, 26 dekabrda “Amirsoy Express” – yangi dor yo‘li rasman ishga tushirilgan. Tantanali marosimni Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib bergan edi.






