Guterrish: Neft, gaz va ko‘mir uchun har daqiqada 11 million dollar ajratiladi

BMT bosh kotibi dunyo davlatlarni “yashil” energetikaga investitsiya kiritishga chaqirdi.

Antoniu Gutterish qazib olinadigan energiyaga ajratiladigan investitsiyalarning o‘sishini tanqid qildi. Bu haqda uning Nikkei gazetasiga bergan intervyusida so‘z boradi.

“Rossiya-Ukraina mojarosining taʼsiri butun dunyoga tarqalayotgan bir paytda, ayrim davlatlar neft, gaz, ko‘mirga milliardlab dollar mablag‘ ajratib, energetik inqirozdan chiqishga harakat qilmoqda. Bu iqlim halokatini yana-da chuqurlashtiradi”, – degan bosh kotib.

“Qayta tiklanadigan energiya manbalari bu iqlim o‘zgarishini cheklash va energetik xavfsizlikka yagona javob hisoblanadi. Agar biz avval ham bu yo‘nalishga katta investitsiya jalb qilganimizda, qazib olinadigan yoqilg‘ining beqaror bozoriga qaram bo‘lmasdik. Investorlar hamon anʼanaviy energiya manbalarini qo‘llab-quvvatlaydi, hukumatlar esa neft, gaz va ko‘mirga milliardlab subsidiya ajratadi, bu har bir daqiqada 11 million dollar degani”, – deb qo‘shimcha qilgan Guterrish.