Har qanday yovuz fitna va harakatlariga oʼz vaqtida keskin zarba berishga qodirmiz – Prezident

Xalqimizni qatʼiy ishontirib aytmoqchiman: davlatimiz, el-yurtimizga nisbatan dushmanlik kayfiyatida boʼlgan bunday kuchlarning har qanday yovuz fitna va harakatlariga oʼz vaqtida va keskin zarba berishga qodirmiz.

Ishonchim komilki, biz bugungi barcha qiyinchiliklarni albatta munosib ravishda, mardona yengib oʼtamiz.

Chunki xalqimiz azal-azaldan oʼzining donishmandligi, mardligi va matonati, doʼstlik va tinchliksevarlik fazilatlari bilan dunyoda obroʼ-eʼtibor va hurmat qozonib keladi.

Bunday ezgu qadriyatlar bizning qonimizga, ruhimizga yoshlik chogʼimizdan boshlab chuqur singib ketgan. Va hech kim ularni bizdan tortib ololmaydi.

Bugungi kunda butun xalqimiz va jamoatchiligimiz yanada jipslashib, barcha darajadagi rahbarlar hushyorlik va ogohlikni keskin oshirib, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, mamlakatimizni jadal rivojlantirish, xalqimizning farovonligini taʼminlash hamda odamlarni rozi qilish borasida belgilab olgan vazifalarimizni amalga oshirish uchun barcha kuch-imkoniyat va resurslarni safarbar etishimiz shart", dedi Prezident soʼzining yakunida.