Ichki yoʼllar sifatini yaxshilash boʼyicha aniq vazifalar muhokama qilinmoqda

Prezident raisligida videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda.

“Har bir viloyatda yirik sement korxonalari va xususiy korxonalar bilan birgalikda yoʼl qurish va ekspluatatsiya klasterlarini tashkil etish orqali ichki yoʼllarning egasini topish boʼyicha topshiriq bergan edim.

Bu borada Qoraqalpogʼiston, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiydagi ishlar ahvoli qolgan hududlarga qaraganda hali sust”, dedi Prezident.

Bu hududlar hokimlariga masalaning ichiga kirib, jiddiy shugʼullanishi shartligi koʼrsatib oʼtildi.

Umuman, 2022-yilda 2 ming 300 kilometr, shu jumladan Аndijonda 270 kilometr, Fargʼonada 200, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida 190, Navoiy, Namangan va Samarqandda 180, Buxoro, Jizzax va Surxondaryoda 170, Qoraqalpogʼiston va Xorazmda 160, Sirdaryoda 150 kilometr sement-beton qoplamali ichki yoʼllarni barpo etish vazifasi qoʼyildi.

Buning uchun 2022-yilda sement ishlab chiqarish hajmi 3,5 million tonnaga koʼpayadi. Yaʼni, joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 million tonnaga yetadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar toʼliq qoplanishi taʼkidlandi.